“2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 15-maqsadida, “Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tezkor-qidiruv va tergov faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini samarali himoya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish masalalari oʻrin olgan. Mazku yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar, oʻz navbatida, ish boʻyicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishiga, natijada oqlov hukmlari koʻpayishiga asos yaratib, fuqarolarning sudga boʻlgan ishonchi oshishiga olib kelmoqda.
Shu munosabat bilan, 2024-yil 10-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-89-sonli Farmoni bilan bugungi kunda sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida ishni sudga qadar yuritish bosqichida Tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi.
Hujjatga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilib, ular sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qoʻllash masalasini hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi. Shu jumladan, Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini qoʻllash masalasini koʻrib chiqish vakolati beriladi: Sanksiyalar:
– qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash bilan bogʻliq iltimosnoma;
– qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish masalalari bilan bogʻliq iltimosnoma;
– pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
– murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;
– pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
– tintuv oʻtkazish haqidagi iltimosnoma;
– telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;
– mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
Jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpogʻiston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta koʻrib chiqiladi. Majburlov choralari:
– ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
– shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;
– ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi;
– ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasi.
Tergov sudyasi oʻzi kim?
Albatta, bu oʻrinda “tergov sudyasi” tushunchasining oʻziga ham ozgina taʼrif berib oʻtish kerak boʻladi. Tergov sudyasi – bu jinoyat ishlarini yuritishning sudga qadar boʻlgan bosqichlarida faoliyat olib boruvchi, ayblov va himoya tarafining harakatlarini muvofiqlashtirib va nazorat qilib turuvchi hamda ularning oʻz huquq va vakolatlarini amalga oshirishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib beruvchi masʼul mansabdor shaxs hisoblanadi. Vakolat doirasiga koʻra tergov sudyasi zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi JPKda koʻrsatilgan ishni sudga qadar yuritish jarayonida sudning qarori (ajrimi) talab qilinadigan protsessual harakatlar boʻyicha sud vakolatlarining barchasi oʻtkaziladi.
Eng asosiysi esa, tergov sudyasining ish yuzasidan xolislikni va taraflar tengligini taʼminlashi nuqtai nazaridan kelib chiqib, unga ayblov tarafining bir qator vakolatlari, jumladan, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini oʻzgartirish, mol-mulkni xatlash va uni taqiqdan yechish, ekspertiza va taftish tayinlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchi va tergovchining qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qilish kabi vakolatlarning ham oʻtkazilishi maqsadga muvofiqdir.
Tergov sudyasida, shuningdek, advokatlik soʻroviga mansabdor shaxs tomonidan rad javobini olgan himoya tarafining tegishli yuridik yordam koʻrsatish va himoyasi ostidagi shaxs manfaatlarini himoya qilish uchun zarur boʻlgan har qanday maʼlumot, hujjat yoki narsalarni talab qilib olish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini koʻrib chiqish va tegishli organlarga soʻrov yuborish vakolati ham boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman, bu kabi koʻplab vakolatlarning ish yuzasidan xolislik taʼminlanishiga toʻsqinlik qiladigan boshqa bir mustaqil organ ish yurituviga oʻtkazilishi natijasida sudga qadar ish yuritishda taraflar tengligining taʼminlanishiga, bu jarayonda taraflar faoliyati ustidan sud nazoratining muvaffaqqiyatli amalga oshirilishiga, shuningdek himoyachining oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishida keng imkoniyatlar va qulayliklar yaratilishiga, alaloqibat, jinoyat ishlarining shaffof va teng huquqlilik asosida olib borilishiga erishish mumkin.
Shu bois, yuqorida qayd qilingan Farmonning asosiy maqsadi sudyalar korpusini shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga, sud tizimi tuzilmasini isloh qilishga, surishtiruv va tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilishga va aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgandir.
Jinoyat ishlari boʻyicha Bogʻot tuman sudi raisi H.R.Saidov