Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 84, 211, 245, 249-moddalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan, birinchi qoidabuzarlikda fuqarolar uchun amaldagi jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan bir (0,1) baravaridan−bir (1) baravarigacha boʻlsa, yangi qonun boʻyicha 1−3 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun BHMning 1−3 baravaridan 3−7 baravarigacha oshiriladi.
Yil davomida takror sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori fuqarolarga BHMning 3−5 baravarigacha (1 mln 20 ming so‘m−1 mln 700 ming soʻm), mansabdor shaxslar uchun 7−15 baravarigacha (2 mln 380 ming so‘m−5 mln 100 ming soʻm) oshiriladi. Hozirgi vaqtda ushbu huquqbuzarlik uchun jarimalar mos ravishda BHMning 1−3 va 3−7 baravarini tashkil qiladi.
Fuqarolar uchun yongʻin sodir boʻlishiga olib kelgan qoidabuzarlik uchun jarima miqdori BHMning 3−5 baravaridan 5−7 baravarigacha (1 mln 700 ming so‘m−2 mln 380 ming soʻm), mansabdor shaxslar uchun esa BHMning 7−10 baravaridan 15−20 baravarigacha (5 mln 100 ming−6 mln 800 ming soʻmgacha) oshiriladi.
Shaxsning ehtiyotsizligi yoki yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sogʻligʻiga zarar yetishi yoxud oʻzganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yoʻq qilinishi bilan bogʻliq boʻlmagan tarzda yongʻin sodir boʻlganda mazkur shaxs yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi talablarini buzganlik, yongʻin kelib chiqishiga sabab boʻlganlik uchun jarima jazosi joriy etilmoqda (Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 84-moddasi 3-qismi). Bunda jismoniy shaxslar BHMning 10−15 baravari, mansabdor shaxs esa 20−25 baravari miqdorida jarima toʻlashi kerak.
Bundan tashqari, turli darajadagi yongʻin inspektorlari qoʻllashi mumkin boʻlgan jarimalar miqdori oshiriladi (249-modda). Yakka tartibdagi tadbirkorlar, ularning xodimlari, mansabdor shaxslar, korxonalar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotganda yongʻin xavfsizligi sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda koʻrib chiqilmaydi, balki davlat yongʻin nazorati organlarining (245-moddaning 3-qismi) yurisdiksiyasiga kiradi. Yaʼni, qayd qilingan qonunga koʻra davlat yongʻin nazorati organlariga yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun tadbirkorlik subyektlariga maʼmuriy javobgarlik choralari bevosita qoʻllash vakolati berilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi raisi H.Saidov