Oila jamiyatning asosi deb bejizga aytilmagan. Eng muhimi, oilada ertangi kunimizning haqiqiy egalari — farzandlarimiz o‘sib-ulg‘ayib, kamol topadi. Shu ma’noda oilalarning mustahkamligi va tinch-totuvligini ta’minlash, yuksak ma’naviy muhitni qaror toptirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Tumanimizda aholi sonining oshib borishi oilaviy nizolar bilan bog‘liq ishlarning soni oshishiga sabab bo‘lmoqda. Ular orasida ajrashish maqsadida berilgan da’volar ham talaygina. Boshqa mutasaddi tashkilotlar qatori sudlar tomonidan ham maishiy nizolar oqibatida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni saqlab qolish choralari ko‘rib kelinmoqda. Buni er-xotin Mahmud Eshnazarov (ism-familiyalari o‘zgartirilgan) va Oygul Shonazarovalar (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ishi misolida ko‘rish mumkin.
Tumanimizda yashovchi fuqaro Oygul Shonazarova eri Mahmud Eshnazarov tomonidan kaltaklanib, o‘ziga tan jarohati yetkazganligi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan va natijada M.Eshnazarovga nisbatan oilaviy-maishiy zo‘ravonlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Sudda jinoyat tafsilotlari, shuningdek er-xotinlarga oid ma’lumotlar sinchiklab tahlil qilinib, nizoni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Jabrlanuvchi va ayblanuvchiga o‘rtalaridagi kelishmovchilikning salbiy oqibatlari tushuntirildi. Natijada Mahmud Eshnazarov o‘z aybini tan oldi. Chin dildan pushaymonligin aytib, jabrlanuvchi Oygul Shonazarovadan kechirim so‘radi. O‘z navbatida Oygul Shonazarova turmush o‘rtog‘iga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini yarashuv asosida tugatishni so‘rab shu haqda o‘zi tomonidan yozilgan arizani sudga taqdim qildi.
Natijada, sud, sudlanuvchining aybiga to‘liq iqrorligini, chin ko‘ngildan pushaymonligini, qilmishining oqibatlarini tushunib yetganligini, jabrlanuvchi bilan yarashganini, keltirilgan zarar to‘liq qoplaganligini, jabrlanuvchining sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini inobatga olib, jinoyat ishini tugatishni lozim topdi.
Niyatimiz amalga oshdi, yana bir oila saqlab qolindi. Maqsadimiz oilada yuzaga keladigan nizolarni oqilona va qonuniy hal etish, bir so‘z bilan aytganda, ushbu maskanni tom ma’noda jamiyatimizning mustahkam asosiga aylantirishdan iboratdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi raisi H.Saidov