Aholini roʻyxatga olish butun dunyoda amalga oshiriladigan keng qamrovli tadbir hisoblanadi. Ushbu tadbirga tayyorgarlik koʻrish uzoq vaqt va koʻp mehnat talab qiladigan jarayondir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti unga a’zo davlatlarga har 10 yilda kamida bir marta oʻz aholisini roʻyxatga olishni tavsiya qiladi va har 10 yilda aholini roʻyxatga olish vaqtlarini e’lon qilib boradi. Ushbu vaqtda BMT ning Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA) va bir qator Statistlar uyushmasi har bir aholini roʻyxatga olish vaqtida oʻzlarining tavsiyalarini ishlab chiqadilar. Shularni inobatga olib davlatimiz rahbarining 2024-yil 4-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha” “yoʻl xaritasi”da mamlakatimizda aholini roʻyxatga olishni 2025-2026-yillarda amalga oshirilishi belgilandi.
Qarorga muvofiq, aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish va natijalarini eʼlon qilish quyidagi tartibda tashkil etiladi.
Birinchidan, 2024-2025-yillarda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻriladi. Bunda uning mazmun-mohiyatini ommaga tushuntirish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlanadi. 2021-yilda sinov tariqasida oʻtkazilgan aholini roʻyxatga olish natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida tayyorlangan savolnomalar shakllari, “Aholini roʻyxatga olish” axborot tizimi takomillashtiriladi, “STATA” amaliy dasturiy paketi litsenziyasi xarid qilinib, unda roʻyxatga olish natijalarini aks ettiruvchi jadvallarning namunalari shakllantiriladi hamda tadbirning tashkiliy rejasi ishlab chiqiladi.
Ikkinchidan, 2025-2026-yillarda respublikamizning barcha tuman va shaharlarida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish ishlari amalga oshiriladi.
Uchinchidan, 2026-2027-yillarda aholini roʻyxatga olish natijalari tayyorlanadi va rasman eʼlon qilinadi.
Hozir aynan tayyorgarlik jarayoni bosqichi davom etyapti. Xorazm viloyatida ham tayyorgarlik bosqichida ishlar jadal suratlarda olib borilmoqda. Xususan, viloyat statistika boshqarmasi mutaxassislari tomonida aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlari maktablarda, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida doimiy tarzda tashkil qilinyapti. Bundan tashqari, televideniye, radio, gazeta, rasmiy veb-saytlarda aholini roʻyxatga olishning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi koʻrsatuvlar, radio eshittirishlar va maqolalar eʼlon qilib borilmoqda. Shu bilan birgalikda, uy va xonadonlarning raqamlanganligi, koʻchalarning nomlanganlik holatlari doimiy tarzda monitoring qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida aholini roʻyxatga olishga koʻmaklashish boʻyicha hududiy komissiyalar bilan birga ishlar olib borilyapti.
Bog'ot tuman statistika bo'limi