DataLife Engine / O'qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi

O'qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi

Assalomu alaykum, muhtaram ustoz va murabbiylar! Qadrli faxriylar!
 
Avvalambor, dunyodagi eng ulugʻ va sharafli kasb egasi boʻlgan siz, azizlarni bugungi qutlugʻ ayyom – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga oʻzimning ezgu tilaklarimni izhor etaman.
 
Biz ustoz zotini azaldan otaday ulugʻ deb biladigan, hamisha boshiga koʻtarib eʼzozlaydigan maʼrifatparvar xalq farzandlarimiz. Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan boʻlsa, ularda qadrdon oʻqituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi.
 
Shaxsan men oʻqituvchi deganda – zamon bilan hamnafas boʻlgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda – bilim va maʼrifat yogʻdusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qoʻyiladigan tabarruk maskanni koʻz oldimga keltiraman.
 
Bugungi kunda fidoyi ustoz va murabbiylarning ezgu xizmatlari tufayli yoshlarimiz har tomonlama barkamol boʻlib voyaga yetayotgani, fan va texnika, madaniyat va sanʼat, sport sohalarida qanday katta marralarni qoʻlga kiritayotgani barchamizga cheksiz quvonch baxsh etadi.
 
Shu borada birgina misol keltirmoqchiman. Joriy 2024-yilda bog‘otlik yoshlar xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 3 ta oltin va 2 ta kumush  va 3 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgani taʼlim sohasidagi islohotlarimiz samarasiga yana bir dalildir.
 
Barchamizga ayonki, muallimning obroʻ-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obroʻ-eʼtiboridir. Shu bois, biz keyingi yillarda oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirish, taʼlim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish boʻyicha ulkan islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.
 
Qadrli do‘stlar!
 
Barchangiz yaxshi xabardorsiz, taʼlim tizimini yanada rivojlantirish masalasi muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan bugungi davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bizning maqsadimiz – Yangi Oʻzbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy koʻnikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs boʻlib shakllanishi zarur. Biz bu ezgu maqsadga erishish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz.
 
Tumanimizda soʻnggi yillarda ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasini izchil rivojlantirishga qaratilgan, oilada farzand tugʻilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda.
 
Biz bu jarayonda inson kapitaliga eʼtiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Masalan, 2023-yilda tumanimizda 157 ta bogʻcha faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, hozirgi kunda bu raqam 200 taga, tizimdagi qamrov esa 76,6 foizga yetdi.
 
Tumanimizda yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi taʼlim maskanlari, xususan, Prezident maktabi, ixtisoslashgan maktablar faoliyat olib borayotganini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
 
Oliy taʼlim sohasida ham so‘nggi yillarda tuman miqyosida jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maktab bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish koʻrsatkichi 2016-yilda 8 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda 46,5 foizga yetdi. Oʻz navbatida, maktab bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtlariga davlat grantiga kirish koʻrsatkichi 25 foizni tashkil qilmoqda.
 
Shu oʻrinda taʼlim sohasida sifat va samaradorlikni oshirish borasida ta’lim dargohlarida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini eʼtirof etmaslikning aslo iloji yoʻq. Jumladan, joriy, 2024-yilning oʻtgan davri mobaynida tumanimizdagi 7 ta umumtalim maktablarida 24,5 mlrd soʻmlik kapital ta’mirlash ishlari olib borilib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Birgina Oq tepa hamda Oq oltin mahallalaridagi umumta’lim maktablarida investitsiya dasturi asosida umumiy qiymati 17,7 mlrd so’mlik ta’mirlash ishlari olib borildi hamda ikkita 810 o‘rinli qo‘shimcha binolar qurib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, bugungi kunda Islom taraqqiyot va OPEK xalqaro tashkilotlari mablagʻlari hisobidan 3 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari yangidan barpo qilinmoqda. Shuningdek, 2024-yilda Oltinqum shaharchasi hamda Navbahor mahallalarida 270 o‘rinli ikkita bolalar bog‘chalari foydalanishga topshirildi. Birgina, Navbahor mahallasidagi 150 o‘rinli 24-son davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining foydalanishga topshirilishi natijasida Navbahor mahallasidagi 3-7 yoshdagi bolalarning maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 100 foizga yetdi.
 
Bunday yangilanish jarayonlarida ustoz-murabbiylarimizning ishga, hayotga munosabati va masʼuliyati tubdan oʻzgarib, ularning doimiy izlanib, yangilikka intilib yashayotgani, ilgʻor taʼlim texnologiyalari va metodikalarini puxta oʻzlashtirib borayotgani, hech shubhasiz, hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
 
Hurmatli vatandoshlar!
 
Biz bugungi kunda tumanimizda faoliyat koʻrsatayotgan 52 ta umumta’lim maktablaridagi 2 880 nafar fidoyi ustozlarimizning mehnatlari tufayli Bog‘ot tumani taʼlim sifati, oʻqituvchilar salohiyati boʻyicha nafaqat viloyatda, balki respublikda ham yetakchi oʻrinlarni egallab kelayotganligini faxr bilan aytishga haqlimiz. Toifaga ega pedagoglarning salmogʻi 32 foizdan 68 foizga, shu jumladan, oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi 14 foizdan 43 foizga koʻtarildi. Shu oʻrinda Bog‘ot tumani so‘nggi yillarda oʻqituvchilarning oliy va birinchi toifalar ulushi boʻyicha respublikada yuqori o‘rinlarda ekanligini qayd qilib oʻtish lozim.
 
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
 
Taraqqiyotimiz dasturi boʻlmish “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida muhtaram Prezidentimiz boshchiligida sizlar bilan birga taʼlim tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha yangi maqsad va rejalarni belgilab olganmiz.
 
Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchamizdan katta kuch-gʻayrat, azm-u shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi.
 
Mana shunday sharafli vazifani ado etishda men siz, muhtaram ustoz va murabbiylarga har tomonlama yordam va koʻmak berishga tayyor ekanimni yana bir bor izhor etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-u saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. 

Bayramingiz muborak boʻlsin!

Jahongir Nazarov,
Bog'ot tumani hokimi
1-10-2024, 11:33
Вернуться назад