Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar boʻyicha batafsil maʼlumot toʻplashning eng samarali usuli aholini roʻyxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan aholini roʻyxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Koʻpchilik insonlar aholini roʻyxatga olish amaliyotini statistik maʼlumotlar toʻplash tadbirlarining bir koʻrinishi, deb tushunadi. Ammo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining maʼlum bir vaqtdagi fotosuratini koʻrish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi. Mazkur davlat darajasidagi keng koʻlamli, koʻp vaqt va mablagʻ talab etadigan tadbirni oʻtkazish uchun xalqaro talablarga muvofiq 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi. Ushbu amaliyot mustaqillik yillarida respublikamizda ilk bor oʻtkazilayotganini inobatga olib, uni tashkil etishga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala aholi oʻrtasida roʻyxatga olishda faol ishtirok etish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borish hisoblanadi. Ular uchun uslubiy qoʻllanma va videodarsliklar ishlab chiqilib, zarur hollarda, qoʻshimcha maslahatlar beriladi.
Aholini roʻyxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos va sifatli oʻtkazishda kartografik materiallarning aniqligi ham muhim hisoblanadi.
Aholini roʻyxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: aholining sogʻligʻini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi oʻzgarishlarni baholashga doir maʼlumotlar bazasini kengaytirish;
shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, oʻrta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;
aholini roʻyxatga olishlar oraligʻidagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish.
Aholini roʻyxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davriylik;
umumiylik va bir paytdalik;
roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi;
shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi;
aholini roʻyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.
Axborot bazasi mamlakatning har bir fuqarosi haqidagi aniq va eʼtiborga loyiq maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Fuqaro toʻgʻrisidagi eng muhim maʼlumot uning ismi va familiyasi, tugʻilgan joyi va sanasi, hamda fuqaroligidir. Shuningdek, fuqaroning oilaviy ahvoli (turmush oʻrtogʻi, farzandlari va ota-onasi) va yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumot ham muhimdir. Bugungi kunda roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻlimi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar quyidagi yoʻnalishlarda olib borilmoqda. Taʼlim muassasalari, idora va tashkilotlarda tadbirning targʻibotini oʻtkazish, mahallalarda xonadonlarni raqamlashtirish, koʻchalarga nom belgilarini oʻrnatilishini monitoringini oʻtkazish, mahalliy hokimliklarga olib borilgan oʻrganishlar natijalari va aniqlangan kamchiliklar boʻyicha maʼlumotnomalar taqdim qilish, bajarilgan ishlar yuzasidan axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyishga eʼtibor qaratilmoqda. Targʻibot-bunda hamkasblarimiz bilan birgalikda Oliy va oʻrta talim mussasalarida seminar va davra suhbatlari olib borilmoqda fuqarolarni bugungi kundagi aholini roʻyxatga olish jarayonlari boʻyicha o'zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar berilib kelinmoqda.
Bog‘ot tuman statistika bo‘limi