DataLife Engine / Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish samaradorligi oshiriladi

Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish samaradorligi oshiriladi

“Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga  ko‘ra, barcha turdagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda 2025 yil 11 martdan quyidagi tartiblar joriy etildi:
elektron onlayn auksion savdosini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomani e’lon qilish muddati 15 kundan 5 kunga, takroriy savdolarda – 5 kundan 1 kunga qisqartirildi;
takroriy savdolarda faqat bir nafar talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda, unga ushbu savdoda e’lon qilingan narxda lotni ixtiyoriy sotib olish taklif etiladi;
har takroriy savdoda lot narxi 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlang‘ich narxning 20 foiziga tushguniga qadar pasaytiriladi.
2025-yil 1-apreldan auksion savdolarida yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash va to‘lov to‘liq to‘langanda chegirma berish tartibi bekor qilinadi, ushbu to‘lovlar 15 ish kuni ichida to‘liq to‘lanishi shartligi belgilandi.
2025–2026 yillarda auksion savdolariga chiqariladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar jami maydonining o‘rtacha 10–20 foizi chorva uchun ozuqa ekinlarini ekish sharti bilan savdoga chiqariladi.
Shuningdek, ushbu qaror kuchga kirguniga qadar ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘yicha ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlar yoki ijaraga olish huquqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha to‘lovlardan muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lgan ijarachilarga:
a) yer uchastkasidan o‘zi foydalangan muddatdan qat’i nazar, tuman hokimi ishtirokida uch tomonlama shartnoma asosida yerga bo‘lgan huquqlari va majburiyatlarini, shu jumladan, qo‘shimcha to‘lovlar va bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha to‘lovlarni to‘lab borish majburiyatini boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) huquqi beriladi;
b) agar ular dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini olish bo‘yicha 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 15-aprelga qadar o‘tkazilgan ochiq elektron tanlovlarda g‘olib bo‘lgan «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar va mehnat migrantlari bo‘lsa, ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdori ushbu er uchastkasi normativ qiymatining bir barobariga va boshqa shaxslar uchun ushbu er uchastkasi normativ qiymatining to‘rt barobariga teng miqdorda belgilanadi.
 
“Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish” 
AJ Xorazm viloyati hududiy vakili                             M.Ishchanov
9-04-2025, 15:51
Вернуться назад