DataLife Engine / BOG'OT TUMANIDA YANA BIR MAKTABGACHA TA'LIM TASHKILOTI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI.

BOG'OT TUMANIDA YANA BIR MAKTABGACHA TA'LIM TASHKILOTI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI.

Tumanning 1-sektor xududidagi "Yosh o'smir" mahallasida joylashgan 11-son "Fazo" nomli maktabgacha ta'lim tashkiloti kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Tashkilotning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Oybek Xolboyev boshlichiligida tumandagi ijtimoiy soxa tashkilot rahbarlari, mahalla faollari va ota-onalar ishtirok etishdi. Tadbirda tuman hokimi O.Xolboyev, mehnat faxriysi M.Xudayberganovlar so'zga chiqishdi va MTTda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Ushbu zamonaviy tipda "Obod qishloq" davlat dasturi asosida 1 mlrd 790 mln so'm mablag' evaziga rekonstruksiya qilingan tashkilotning qurilish ishlari "Inter Bog'ot" firmasi tomonidan amalga oshirildi. MTTning quvvati 150 o'rinli bo'lib, unda 6 ta kuni uzaytirilgan guruhlarda 180 nafar va 3 ta qisqa muddatli guruhlarda 90 nafar bolani qamrab olish ko'zda tutilgan. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mahalla bolalarining ta'lim-tarbiya jarayoniga ilk qadami ular hayotidagi unutilmas kunga aylandi. Ota-onalarning quvonchi bir tomon-u, bog'chada ish o'rniga ega bo'lgan 26 nafar yoshlarning minnatdorlikka yo'g'rilgan quvonchlari tomon. Zero, muhtaram yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan "5 ta muhim tashabbus" doirasida xotin-qizlarning bandligi masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. Har biri ezgulikka chorlovchi tashabbus mahalla ahli tomonidan munosib kutib olinmoqda. "Ayni paytda ta'lim maskanimizda 270 nafar o'g'il-qizni qabul qilish imkoniga ega bo'ldik. Bu yerda bolajonlarimizning bekamu-ko'st voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Bu esa tashkilotimiz tarbiyachi va xizmatchilari uchun astoydil mehnat qilish imkonini beradi. Asosiy maqsadimiz dilbandini bizga ishonib topshirgan ota-onalar ishonchini oqlash, yurtimiz kelajagiga tayanch bo'la oladigan, har tomonlama barkamol o'g'il-qizlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishga munosib hissa qo'shishdir",-deydi MTT mudirasi, yosh pedagog Barno Xasanova. BOGOT TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.
6-02-2020, 11:20
Вернуться назад