Quyidagilar tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘ining asosiy vazifalari hisoblanadi
fuqarolar yig‘inlarining joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylanishini ta’minlash;
oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, nuroniylar ijtimoiy faolligini oshirish, mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari roli va mavqeini yanada mustahkamlash choralarini ko‘rish;
xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ularning roli va faolligini oshirish masalalarida davlat siyosatini amalga oshirish;
og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va ularga yordam berish, shuningdek, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, arzon uy-joylar olishiga ko‘maklashish;
xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat huquqlarini himoya qilish va ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish;
jinoyat sodir etishga moyil bo‘lganlar bilan yakka tartibda ish olib borish orqali xotin-qizlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini amalga oshirish;
FHDYo organlari bilan ishlash, oilani mustahkamlash, ajralishlarning oldini olish, tug‘ilish va nikohni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazish, targ‘ibot va ma’rifat ishlarini tashkil etish;
konsepsiyalar, davlat dasturlari va “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish.
Tuman hokimi o‘rinbosarining o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi
a) fuqarolar yig‘inlarining joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylanishini ta’minlash sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF‒5700-son Farmonining hududda samarali bajarilishini ta’minlash hamda mahallaning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va faoliyati samaradorligini oshirishga, fuqarolar yig‘inlari ishini tashkil etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilishga yaqindan ko‘maklashadi;
aholining kundalik hayotidagi muammolarini hal etishda, hududlarda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda, jamiyatda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini barqarorlashtirishda fuqarolarning eng yaqin, xalqchil va ularning mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan institut – mahallaning ishtiroki, mavqei va nufuzini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli, manzilli tadbirlarni amalga oshiradi;
aholining muhim muammolarini hal etishda mahalla institutining rolini kuchaytirish, fuqarolar yig‘inining davlat organlari
va fuqarolik jamiyati institutlari bilan tizimli hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilaydi;
fuqarolarning manfaatlariga daxl qiluvchi ijtimoiy loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda mahalliy ijroya hokimiyati organlari bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
b) xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ularning roli va faolligini oshirish masalalarida davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
boshqaruv tizimiga strategik rejalashtirish va prognozlashtirishning zamonaviy shakllari, usullari va tamoyillarini joriy etadi;
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalari, O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi hamda o‘rta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlaydi;
xotin-qizlarning maqomini, ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirish, ularning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, huquqiy madaniyatini, jamiyat hamda oiladagi rolini oshirish choralarini ko‘radi;
davlat organlari va jamoat tashkilotlarini jalb etgan holda yosh oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish sohasida kompleks tadbirlarni amalga oshiradi;
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda va ularni amalga oshirishda, ularning mohiyati va ahamiyatini targ‘ib qilish va tushuntirishda, ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishda faol ishtirok etadi;
qizlarning ijodiy va intellektual salohiyatini aniqlash, rivojlantirish va rag‘batlantirish maqsadida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlarni tayyorlash, iqtidorli, qobiliyatli qizlar zaxirasi bilan tizimli ish olib borishni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bo‘yicha mahalliy komissiyalar faoliyatini tashkil qiladi;
tashabbuskor, amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan qizlardan kadrlar zaxirasini shakllantirish va ularning nomzodlarini tegishli rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimini yo‘lga qo‘yadi;
xotin-qizlar va oila masalalarida davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar, siyosiy partiyalar bilan yaqin hamkorlikni ta’minlaydi;
xotin-qizlarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati shaffofligini ta’minlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faol ishtirok etishiga ko‘maklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi;
xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni kengaytirish, xotin-qizlarga manzilli ijtimoiy yordam berish ishlarini tashkil etadi;
v) og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va ularga yordam berish, shuningdek, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, arzon uy-joylar olishiga ko‘maklashish sohasida:
joylarda xotin-qizlar va oilalarning real holatini muntazam o‘rganadi, ularning ijtimoiy muammolarini har tomonlama tahlil qiladi hamda shu asosda strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshiradi;
joylardagi og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni o‘z vaqtida aniqlashni, ular bilan aniq maqsadga yo‘naltirilgan manzilli ishlar olib borilishini ta’minlaydi;
og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan onalar bilan manzilli ishlashga hamda ularni arzon uy-joylar bilan ta’minlashga ko‘maklashadi;
yordamga muhtoj bo‘lgan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, ularning oilalari va bolalari uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatilishini tashkil etadi, ushbu toifadagi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda davlat organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorligini ta’minlaydi;
oilaviy va shaxslararo nizolarning, o‘z joniga qasd qilishga hamda jamiyat va oilada ma’naviy-axloqiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlarning barvaqt profilaktikasi bo‘yicha manzilli ishlarni olib boradi;
oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilalarni mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish ishlariga keksa va hurmatga sazovor, jamiyatda katta obro‘ga ega bo‘lgan ayollar va fuqarolarni keng jalb etish, namunaviy oilalarning hayot tarzini targ‘ib etish choralarini ko‘radi;
ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish namunali markazlar faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtiradi, faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi, ularning aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishini tashkil etishga ko‘maklashadi;
g) xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat huquqlarini himoya qilish va ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish sohasida:
joylarda xalq bilan muloqot va sayyor uchrashuvlar o‘tkazish amaliyotini takomillashtirish choralarini ko‘radi, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, shu jumladan, xotin-qizlarning bandligi
va real daromadlarini oshirishni ta’minlashga doir kompleks
chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
bandlik dasturi doirasida xotin-qizlarni, ayniqsa, kollejlar, texnikumlar bitiruvchilarini ishga joylashtirishga ko‘maklashish, ular bandligining sifati, doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanganligi yuzasidan ta’sirchan nazoratni yo‘lga qo‘yadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning beshinchi yo‘nalishi doirasida xotin-qizlarning mehnat bilan bandligini ta’minlash maqsadida joylarda tashkil etiladigan tikuv-trikotaj sexlariga manzilli ro‘yxatlar asosida xotin-qizlarni ishga joylashtirish, bunda ishlash istagini bildirgan xotin-qizlarni malaka toifalariga ajratib, ularni hududlardagi kollejlar bazasida qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitishni tashkil etadi;
og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan manzilli dasturlar asosida ularning bandligi to‘liq ta’minlanishini tashkil etadi va bu boradagi ishlarni nazorat qiladi;
“Ustoz-shogird” tizimi asosida ishsiz xotin-qizlarni hunarmandchilik va kasanachilik yo‘nalishlariga keng jalb etadi hamda bu borada zarur choralarni belgilaydi;
Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan xotin-qizlar tadbirkorligini tashkil etish bo‘yicha ajratiladigan imtiyozli kredit resurslari o‘z vaqtida hamda to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlaydi;
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni xohlaydigan ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratishga ko‘maklashish, berilgan imtiyozlar to‘g‘ri qo‘llanishi masalalarini tartibga solish, davlat ro‘yxatidan va boshqa tartibotlardan o‘tish, mehnat munosabatlariga kirishish bo‘yicha Qonun hujjatlari yuzasidan tushuntirishlar olishda ularga yordam beradi;
xotin-qizlarning mehnat qilish huquqlarini himoya qilish ishlarining holatini o‘rganish va tahlil qilish, mehnat munosabatlari sohasida, shu jumladan homilador ayollarga va kichik yoshdagi bolalari bo‘lgan ayollarga qo‘shimcha imtiyozlar berish sohasida davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlarning mustahkam hamkorligini yo‘lga qo‘yadi;
Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarining biznes-inkubator shaklida samarali faoliyat yuritishini tashkil etadi;
d) jinoyat sodir etishga moyil bo‘lganlar bilan yakka tartibda ish olib borish orqali xotin-qizlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini amalga oshirish sohasida:
huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda xotin-qizlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xotin-qizlar o‘rtasida huquqiy tarbiya va huquqiy targ‘ibot, huquqiy madaniyatni oshirish ishlarini tashkil etish, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarning oldini olish chora-tadbirlarini belgilash va amalga oshirilishini tashkil etadi;
jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash, ular bilan yakka tartibda ish olib borish bo‘yicha ichki ishlar organlari va tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi;
jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va tizimli bartaraf etish orqali oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘radi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, maxsus o‘quv-tarbiya muassasalaridan, ijtimoiy reabilitatsiya va xotin-qizlarni moslashtirish muassasalaridan qaytgan xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirishni tashkil etish, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish bo‘yicha amaliy choralarni belgilaydi;
jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan xotin-qizlar orasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini hamda ularni kasbga yo‘naltirishga qaratilgan o‘quvlarni tashkil etadi;
ye) FHDYo organlari bilan ishlash, oilani mustahkamlash, ajralishlarning oldini olish, tug‘ilish va nikohni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazish, targ‘ibot va ma’rifat ishlari sohasida:
qonuniylikni ta’minlashda, aholining turli qatlamlari manfaatlarini himoya qilishda faol ishtirok etadi, FHDYo organlari faoliyatida qonun talablariga rioya etilishi monitoringini muntazam ravishda olib boradi;
FHDYo organlari faoliyati bo‘yicha qonun hujjatlarini izchil takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oilaviy ajralishlarning oldini olish yuzasidan olib boriladigan kompleks chora-tadbirlarda FHDYo organlarining faol ishtirok etishini ta’minlaydi;
FHDYo organlarining oilani mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatining tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlari izchil amalga oshirilishini ta’minlaydi;
FHDYo organlari xodimlarini zamon talablari asosida tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini muvofiqlashtiradi;
oilaviy munosabatlarni sog‘lomlashtirish, nikoh va oila institutini mustahkamlash, nikoh shartnomalarining xususiyatlari
va shartlari, farzandlar tarbiyasi uchun ota-onalarning bevosita mas’uliyati, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash bilan bog‘liq tizimli targ‘ibot tadbirlarini tashkil qiladi;
FHDYo organlari tomonidan oilani mustahkamlash, ajralishlarning oldini olish, tug‘ilish va nikohni o‘z vaqtida qayd etish va bu borada targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini tashkil etish choralarini ko‘radi;
FHDYo bo‘limlari va nikoh uylari faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ular xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilib boradi va mavjud holatni yanada yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi.
Shuningdek, tuman hokimining o‘rinbosari quyidagi qo‘shimcha funksiyalarni amalga oshiradi:
O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumatning hujjatlari va topshiriqlari bajarilishi yuzasidan ta’sirchan nazoratni ta’minlaydi;
xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy muammolarini hal etish, oilalar mustahkamligini ta’minlash borasida o‘ta muhim va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan konsepsiyalar, davlat dasturlari hamda “Yo‘l xaritalari” loyihalarining tayyorlanishini tashkil etadi
va ijrosini ta’minlaydi;
tuman hokimlari majlislarida, hokimlar huzurida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda ko‘rib chiqish uchun xotin-qizlar va oila masalalari bo‘yicha materiallar tayyorlanishini va kiritilishini ta’minlaydi;
tuman hokimining o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshliqlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun ularning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish choralarini ko‘radi hamda yil yakuni bo‘yicha ularning faoliyatini baholab boradi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida har oylik hisobotlar tayyorlanishini va ularning Vazirlar Mahkamasiga, Viloyat hokimligining tegishli xizmatlariga taqdim etilishini ta’minlaydi;
xotin-qizlar muammolarini hal etish va ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qiladi;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha jismoniy shaxslarni
va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqadi.
Tuman hokimi o‘rinbosarining huquqlari va javobgarligi
Tuman hokimining o‘rinbosari o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
xotin-qizlarning turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qarorlar, dasturlar va “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish hamda ijrosini tashkil etish;
tuman hokimlikida ko‘rib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tayyorlash uchun zarur bo‘lgan materiallar va ma’lumotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda so‘rash va olish;
davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va tashkilotlar rahbarlarining xotin-qizlar va oila masalalarida olib borayotgan ishlari samaradorligini muhokama qilish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar rahbarlari va vakillarini tuman hokimlikida ko‘rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar bo‘yicha vaqtinchalik ishchi guruhlar tuzish;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha idoralar
va boshqa tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar berish va ijrosini talab qilish;
mutasaddilik qilinadigan tashkilotlar, shuningdek, boshqa tashkilotlarning o‘zi mutasaddilik qiladigan masalalar bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
tuman hokimining o‘rinbosari bosh va yetakchi mutaxassislar lavozimiga nomzodlar yuzasidan tuman hokimiga takliflar kiritish;
bosh va yetakchi mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish, ularni rag‘batlantirish hamda ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risida takliflar kiritish.
Tuman hokimining o‘rinbosari ushbu nizomning 8 va 9-bandlaridagi o‘ziga yuklangan vazifalarning tegishli ravishda va samarali bajarilishi uchun shaxsan javobgardirlar.
Tuman hokimining o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 10 fevraldagi PF–6166-son Farmoni, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017 yil 11 apreldagi PQ–2881-son hamda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 31 maydagi PQ‒5132-son qarorlari shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomiga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash uchun javob beradi.
Tuman hokimi o‘rinbosarining faoliyatini tashkil etish
Tuman hokimi o‘rinbosarining ishlari Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining choraklik va yarim yillikka mo‘ljallangan ish rejasi asosida tashkil etiladi.
Mazkur ish rejalari asosida tuman hokimi o‘rinbosarining tuman hokimlari tomonidan tasdiqlanadigan oylik shaxsiy ish rejalari ishlab chiqiladi.
Tuman hokimlari huzurida har hafta o‘tkaziladigan tezkor majlislarda tuman hokimi o‘rinbosarining hisobotlari eshitib boriladi.
Tuman hokimi o‘rinbosarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishilishini baholash, ular yuzasidan hisobotlarni eshitish va tegishi choralarni ko‘rish Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va baholash tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Mutaxassislarning shaxsiy ish rejalari tuman hokimining o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
15. Tuman hokimining o‘rinbosari faoliyatini ta’minlash tegishli kotibiyat tomonidan amalga oshiriladi.
Tuman hokimining o‘rinbosari tomonidan faoliyati muvofiqlashtiriladigan tashkilotlarning bo‘linmalari
RO‘YXATI
1. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi.
2. Ichki ishlar bo‘limi – xavfsiz mahalla va huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari yuzasidan.
3. Tuman FHDYo organlari – oilani mustahkamlash, ajralishlarning oldini olish, tug‘ilish va nikohni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazish, targ‘ibot va ma’rifat chora-tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan.
Tuman hokimining o‘rinbosari tomonidan o‘zaro hamkorligi ta’minlanadigan tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari
RO‘YXATI
1. “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondining tuman filiali.
2. Qizil Yarim oy jamiyati tumani kengashi.
3. “Tadbirkor ayol” uyushmasi tuman bo‘limi.
4. Mahalla fuqarolar yig‘inlari.
5. “Mahalla” xayriya jamoat fondining tuman bo‘linmasi.