Bog‘ot tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘ining 2024-yil noyabr oyi yakuni bo‘yicha hisoboti va tadbirkorlarga murojaati
Hurmatli davlatimiz rahbari tomonidan soliq organlari xodimlari oldiga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, soliq tizimini mahalla darajasiga tushirish orqali yangi institut “Mahalla yettiligi” tashkil qilinishini ta’kidlangandi. Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab, mahalla byudjetini shakllantirish hamda ularda shakllanadigan mablag‘larni “mahalla yettiligi”ning kengash qarorlari orqali infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirish belgilandi.
Ayni paytda Bog‘ot tumanidagi 43 ta mahallaga 19 nafar soliq xizmati xodimlari biriktirilgan bo‘lib, ular zimmasiga norasmiy tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, o‘zini-o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashish hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning faoliyatini kengaytirish va daromadlarini oshirish hisobiga soliq bazasini ko‘paytirish yuklatilgan. “Mahalla yettiligi” institutining shakllanishi orqali soliq inspektorlari mahalladagi har bir soliq to‘lovchi xonadoniga kirib bormoqda, tadbirkorlik subyekti bilan uchrashib, uning muammosini o‘rganyapti, soliq sohasidagi o‘zgarishlarni tushuntirish orqali yashirin iqtisodiyotning oldi olinmoqda. Bog‘ot tumani soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida o‘tgan o‘n bir oy davomida 129 ta korxonadagi 1615 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirilib, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlandi. Agar sohalar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, 14 ta savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 40 nafar, 10 ta ishlab chiqarish korxonalarida 151 nafar, 3 ta qurilish korxonalarida 45 nafar hamda 67 ta qishloq xo‘jaligi sohasida 1037 nafar, shuningdek, 46 ta xizmat ko‘rsatish korxonalarida 342 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirildi. Ayniqsa, turli sabablar bilan faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini tiklash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ana shunday 241 ta korxonaning faoliyati tiklandi, 36 ta bo‘sh obyektlar ishga tushirilishi natijasida 132 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bugungi kunda qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarimiz talaygina. Ularning o‘zini o‘zi band qilishi, ish stajiga ega bo‘lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, mahalla yettiligi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni jilovlash maqsadida tumanda 9773 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi va muayyan faoliyat turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi.
Mahallabay tizimning yaratilishi natijasida 1 mlrd 909 mln so‘m miqdoridaga qo‘shimcha manba aniqlandi. Joriy yilning o‘tgan o‘n bir oyi davomida 24 mlrd 750 mln so‘m miqdoridagi jismoniy shaxslarning turar-joy obyektlari bo‘yicha soliqlar undirilishi ta’minlandi. Natijada yig‘ilgan summaning 10 foizi ya’ni 2 mlrd 475 mln so‘m miqdoridagi mablag‘lar mahalla byudjetiga qoldirildi. Barcha fuqarolarimizga shuni tavsiya qilgan bo‘lardim, bugungi kunda savdo va xizmat ko‘rsatishda pul o‘tkazmalari yashirin holatda plastik kartochkadan plastikka o‘tkazilmoqda. Bu P2P o‘tkazmalari deb ham aytiladi, ushbu savdo yoki xizmat to‘lovlarini amalga oshirishda siz yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga hissa qo‘shib qo‘ymoqdasiz. Qolaversa, siz huquqingiz kafolatli himoyalanishidan mahrum bo‘lib qolmoqdasiz. Shuning uchun albatta xaridingiz yoki xizmatlar uchun chek olishni esdan chiqarmang, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz. Biz soliq xizmati organlari xodimlari sizlarning muammolaringiz qonuniy hal etish, faoliyatingiz davomida yuzaga kelgan barcha tushunmovchiliklarga yechim topishda doimiy ko‘mak berishga tayyormiz.
Bog‘ot tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Xushnudbek Jumaniyozov
Bosh sahifaga qaytish