Yangi xizmat ko‘rsatish markazlari foydalanishga topshirildi
Bugun Yangi qadam mahallasi hamda Uzumzor shaharchasida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida mahalla va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari o‘z faoliyatini boshladi. Yangi xizmat ko‘rsatish markazlarining ochilish tadbirida tuman hokimi Jahongir Nazarov, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkil etilgan mazkur yangi, uch qavatdan iborat maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari turli xil ijtimoiy maslahatlar, maishiy va ma’muriy masalalar hal etilishida yordamlar olish uchun zarur maskan bo‘ladi. Markazda ayollar va erkaklar uchun alohida sartaroshxona, o‘quv markazi, kasbga yo'naltirish markazi, kimyoviy tozalash xizmati va fitnes zali, “mahalla yettiligi” a’zolari uchun xonalar tashkil etilgan. Shuningdek, bu yerda qandolat sexi va oziq-ovqat do‘koni, tikuv sexi, maishiy texnika ustaxonasi va yoshlar markazi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Yurtimizda Navro‘z shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda foydalanishga topshirilgan ushbu markazlar Bog‘ot tumaniga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi.
Yangi xizmat markazlarining foydalanishga topshirish tadbiri doirasida jurnalist va blogerlar uchun media-tur ham tashkil etildi.
Bog'ot tumani hokimligi axborot xizmati




Bosh sahifaga qaytish