Yangi qonun - Fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi
Keyingi yillarda mamlakatimizda sudlov faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarning o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudlarga murojaat qilishini liberallashtirish, umuman odil sudlovga erishish darajasini oshirish, shuningdek sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash imkonini bermoqda. Natijada ariza berish, ishda masofadan ishtirok etish, sud hujjatlarini olish va ishlarning ko‘rilishi haqida ma’lumot olish kabi xizmatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlar portali orqali elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga bugungi kunda videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlislari bo‘yicha protsessual qonunchilikni takomillashtirish zaruriyati vujudga kelgan bo‘lib, Prezidentimiz tomonidan 2025-yil 11-martda imzolangan “Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1047-sonli Qonuni bilan aholining fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sud muhokamalarida masofadan ishtirok etishining huquqiy asoslari yaratildi.
Jumladan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta’minlash uchun ko‘rsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi bo‘yicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni ko‘rayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta’minlayotgan sud ushbu shaxslarning kelgan-kelmaganligini tekshiradi va kelgan shaxslarning shaxsini aniqlaydi. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan shaxslarning shaxsi ishni ko‘rayotgan sud tomonidan axborot texnologiyalaridan foydalangan xolda aniqlanadi. Shuningdek, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlarga o‘z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi, shuningdek guvohning qasamyodi audio va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi.
Tegishli o‘zgartirishlar Fuqarolik protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan bo‘lib, 12.03.2025 yildan kuchga kirgan. Ushbu Qonun fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
B.YAKUBOV. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi raisi.
Bosh sahifaga qaytish